BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan yana bir rezolyutsiya qabul qildi
13-avgust kuni Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlar barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qildi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali biologiya xilma-xilligini saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon” milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur tashabbusda davlat rahbarining Bosh Assambleya 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida iqlim o‘zgarishi va yer degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish borasida bildirgan asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.
Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlat, jumladan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘uliston, Marokash, O‘mon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalaridan boshqa davlatlar hammualliflik qildi.
Sharhlar