Boʻlim boshligʻi va MCHJ rahbari yoʻl taʼmiriga ajratilgan pullarni oʻzlashtirdi

Foto: daryo.uz

Toshkent viloyati jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tuman sudida yoʻl taʼmiri uchun ajratilgan 239,8 mln soʻm mablagʻni talon-toroj qilgan boshqarma boshligʻi va uning tadbirkor sherigiga hukm oʻqildi.

Maʼlum boʻlishicha, A.A. “T.F” MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, Yangiyoʻl tumanidagi boshqarmalardan birida Infratuzilma obʼektlaridan foydalanish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlovchi X.X. bilan oldindan til biriktirgan. Ular 592 metr yoʻl asfaltlangan boʻlsada, amalga oshirilgan ishlar foydalanishga qabul qilinganligi haqida takroran soxta maʼlumotlarni kiritib,  boshqarmaning hisob raqamidan 239.852.830 soʻm pul mablagʻlari MChJ hisob raqamiga oʻtkazib berish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Sudda har ikkala sudlanuvchi oʻz ayblarida qisman iqrorliklarini bildirgan.

Yakuniy sud hukmiga koʻra, A.A. ga oylik ish haqini 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 (bir) yil 11 (oʻn bir) oy 27 (yigirma yetti) kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi. Bundan uning 2024-yil may oyidan avgustigacha qamoqda saqlangani ham inobatga olingan.

X.X. esa 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlardan rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga undirib qolgan holda 2 (ikki) yil 3 (uch) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Yetkazilgan 239,8 mln soʻm zarar esa toʻliq qoplangan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.