Hindistonda Bobur haqida film suratga olinayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroqligi ma’lum qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonda Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film olinayotgani va nomi “Buyuk mo‘g‘ul imperatori Bobur” ekani aytilayotgan xabarlar tarqaldi. Hatto film tizerlari ham tarmoqlarga yoyila boshladi. Ushbu holat yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov munosabat bildirdi.
“Buyuk bobokalonimiz bilan bog‘liq tarix haqida dunyo ahlini chalg‘itish kabi bu holat mamlakatimiz jamoatchiligini, ziyolilarni tashvishga solib, keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Shu qatori meni ham bu holat qattiq tashvishga soldi va tegishli davlat tashkilotlari, elchixonalar bilan vaziyat yuzasidan ma’lumot olish uchun bog‘landim, — deb yozadi siyosat fanlari doktori. — Aytish lozimki, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda. Albatta, bu masalaga yana aniqlik kiritib, qo‘shimcha xabar beriladi”.
Otabek Hasanov Kinematografiya milliy agentligi bilan ham suhbatlashgan. “Xabaringiz bor, O’zbekistonda eng qadimgi o‘tmishdan to yaqin tarixgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan «Tirik tarix» loyihasi doirasida sarkardalarimiz, allomalar hakida turkum filmlar yaratilmoqda. Bu loyiha ham tez orada o‘z samarasini berib, milliy o‘zligimiz bilan bog‘liq tariximiz ekranlarda gavdalanadi. Lekin shu o‘rinda meni xursand qilgani, milliy g‘urur, vatanparvarlik shunchaki kitoblaru, quruq so‘zlarda emas, xalqimiz ongu shuurida yashamoqda, keng jamoatchilik esa bu kabi holatlarga aslo befarq emas. Bu esa aynan Prezidentimiz aytgan,tahlikali vaziyatlarda millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar jasorat bilan maydonga chiqqayotganliklarining bir ko‘rinishidir”, — deya qayd etdi u.
“O’z navbatida, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi keng jamoatchilikka, ziyolilarga befarq bo‘lmagani, ajdodlarimiz bilan bog‘liq tariximizni targ‘ib qilish haqidagi fikrlari uchun minnatdorchilik bildiradi. Biz millat mas’uliyati yo‘lida hamfikr bo‘lsak, birlashsak, bu kabi qadriyatimiz, tariximiz, o‘zligimizga qaratilgan tahdidlarga qarshi tura olamiz”, — deya o‘z postiga yakun yasadi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari.
Sharhlar