Bobur Omonov Prezident bilan telefon orqali muloqot qildi
Kecha Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarining navbatdagi kunida hamyurtimiz Bobur Omonov yadro uloqtirish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bugun sportchimiz bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari Bobur Omonovni ikki karra paralimpiya chempionidek sharafli nomga sazovor bo‘lgani hamda 2021-yilda o‘zi o‘rnatgan Paralimpiada rekordini yangilagani bilan dildan qutlab, ushbu natija O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida muhim voqea bo‘lganini qayd etdi. Bu galgi o‘yinlarda ham yuksak mahoratini yana bir bor tasdiqlash yo‘lida unga ko‘makdosh bo‘lgan murabbiylari va yaqinlariga rahmat aytdi.
Chempion xalqimiz ishonchini oqlaganidan xursandligini bildirib, terma jamoamizning, shu jumladan o‘zining muvaffaqiyatli chiqishlari O‘zbekistonda Prezident rahbarligida sportga qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar tufayli ekanini ta’kidladi.
Fursatdan foydalanib, Prezident kecha sovrindor bo‘lgan sportchilarni tabriklab, bugungi bellashuvlarda qatnashadigan hamyurtlarimizga omad tiladi.
Sharhlar