Bolalarni bog‘chaga joylashtirish yanada soddalashdi
Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi soddalashtirilganligi, byurokratik to‘siqlar qisqartirilganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2024-yil 3-iyuldagi qaroriga asosan ba’zi yangiliklar joriy etilmoqda, deb xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
Xususan, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish uchun rasmiylashtirilgan yo‘llanmalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga axborot tizimi orqali yuborish tartibi joriy etildi.
Bunda, yo‘llanma rasmiylashtirilganda fuqarolarga tasdiq kodga ega xabarnoma yuborish va shu tasdiq kod asosida bola maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilinadi.
Fuqarolarga yo‘llanma olish uchun berilgan so‘rovnomadagi telefon raqamini istalgan vaqtda o‘zgartirish imkoniyati yaratildi.
Bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish davlat tashkilotlarining aybi bilan kechikkanda yo‘llanma o‘z kuchida qoladi.
Bundan tashqari, endi elektron raqamli imzo kalitini berishda jismoniy shaxslar biometrik (Face-ID) identifikatsiya qilinadi va elektron raqamli imzo kaliti avtomatik tarzda rasmiylashtirib beriladi;
Shuningdek, qurilishi tugallanmagan ob’ektga birlamchi kadastr pasportini shakllantirishda vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlariga uning nomidan murojaat qilish tartiblari belgilandi;
Avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati bilan muvofiqlashtirildi va avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati 10 kun etib belgilandi.
Katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashish uchun ruxsatnoma berishda arizani ko‘rib chiqish muddati 8 ish kunidan 2 ish kuniga kamaytirildi.
Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirishda mulkdorning Majburiy ijro byurosi bazasida qarzdorligini tekshirish axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilandi.
Fuqarolarga Avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyatiga litsenziya olish jarayonida o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatidan kompozit usulda foydalanish imkoniyati yaratildi.
Sharhlar