Bojxona organlari nomidan foydalanib tadbirkorlardan pul undirgan firibgar ushlandi

Foto: daryo.uz

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmasi tomonidan bojxona organlari nomidan foydalanib, tadbirkorlardan noqonuniy ravishda pul undirib kelayotgan shaxsning firibgarligi fosh qilindi.

Unda Toshkentdagi bojxona brokerlik firmalaridan birining bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisi M.A. bir qator tadbirkorlik subyektlari nomiga keltirilgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini go‘yoki tezlashtirish uchun yuk egalaridan pul undirib kelgan.

Masalan, tadbirkorlardan birining nomiga keltirilgan qiymati 6.5 ming AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan 2 ta dastgoh bojxona organlarining Xavfni boshqarish tizimida “sariq” yo‘lakka yo‘naltirilgan, ya’ni bojxona ko‘rigidan ozod qilingan bo‘lsa-da, fuqaro M.A. yuk egasidan go‘yoki ushbu tovarlarning bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvini tezlashtirish uchun 1.2 mln so‘m pul mablag‘ini olgan.

Boshqa bir tadbirkor nomiga keltirilgan va bojxonada “qizil” yo‘lakka tushgan 32.5 ming dollarlik 191 dona suv nasoslarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda fuqaro M.A go‘yoki ko‘rikni rasmiylashtirgan bojxona xodimiga berish uchun yuk egasidan 300 AQSH dollarini so‘rab oladi.

Yana bir korxona nomiga keltirilgan tovarlarning bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvi uchun fuqaro M.A. 2 ta holatda jami 600 AQSH dollari va 700 ming so‘mni tadbirkordan so‘rab oladi.

Umumiy hisobda fuqaro M.A. go‘yoki bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvini amalga oshirayotgan xodimlarga berish uchun tadbirkorlardan 900 AQSH dollari va 1,9 mln so‘mni firibgarlik, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov jarayonlari olib borilmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.