Bola huquqi va erkinliklari himoyasi bo‘yicha da’vo arizasi bilan murojaat qilganlar davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi lozim
Bola huquqlari himoyasini ta’minlash, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirib borish “Adolat”SDP diqqat markazida bo‘lgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Partiyamiz Saylovoldi dasturida ham bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha da’vo arizasi bilan chiqqanlarni davlat boji to‘lashdan ozod qilish tashabbusi ilgari surilmoqda.
Sudlarga bolalarning buzilgan huquqlarini tiklash, qarindoshlik, vasiylik yoki meros va boshqa fuqarolik huquqlari bilan bog‘liq nizolarni hal qilish maqsadida da’vo arizalari kelib tushadi. Bunday hollarda iqtisodiy to‘siqlar sabab bola huquqlarining ta’minlanmay qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Partiyamizning yuqoridagi taklifi bola huquqlari buzilgan holatlarda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirishni nazarda tutadi.
Xorijiy tajribaga e’tibor berilsa, Rossiya va qo‘shni Qozog‘istonda bolaning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha da’vo arizasi bilan murojaat qilgan shaxslar boj to‘lashdan ozod qilinishi ayon bo‘ladi. Germaniya va Buyuk Britaniyada ham bunday holatlarda agar da’vogar to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmasa, sud uni boj to‘lashdan ozod qilishi mumkin.
Partiyamiz ilgari surayotgan mazkur tashabbusning amalga oshirilishi bolalarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar