Bolalar kukunini tayyorlashda qo‘llaniladigan talk kukuni saraton kasalligini keltirib chiqaradi
Kanserogenlar saraton kasalliklari rivojlanish xavfini oshiruvchi moddalardir. Ular ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari, konservantlar, aromatizatorlar, politsiklik uglevodorodlar, azobo‘yoqlar, nitrozaminlar, og‘ir metall tuzlari, alkaloidlar tarkibida ko‘p uchraydi.
Endi ushbu ro‘yxat yanada kengaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti huzuridagi Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) talk kukunini potensial kanserogen moddalar ro‘yxatiga kiritdi.
Buning uchun 13 mamlakatdan jalb etilgan 29 nafar ekspertdan iborat ishchi guruh o‘rganishlar olib bordi. Mazkur jarayonda talk kukunidan foydalangan ayollarda tuxumdon saratoni bilan kasallanish holatlari ko‘paygani hisobga olindi.
Qolaversa, sellyuloza-qog‘oz sanoatida xotin-qizlarning talk bilan ta’sirlanishiga qaratilgan tadqiqotlar natijalari ham tahlil qilindi. Shu tariqa bu mineral 2A xavf guruhiga mansub, deb tasniflandi.
O‘z navbatida, talk kukuni bilan ishlov berilgan tajriba kalamushlarida xavfli o‘smalar rivojlanishi qayd etilgan izlanishlar xulosalari inobatga olindi.
Ma’lumot uchun talk yer ostidan qazib olinadigan tabiiy mineral bo‘lib, ko‘pincha bolalar kukuni tayyorlashda qo‘llaniladi.
Sharhlar