Bolalarda astigmatizm vaqtida davolanmasa, ko‘rlikka olib kelishi mumkin
Astigmatizm — ko‘zning shox pardasi yoki linzalarining egriligi normal bo‘lmagan, ko‘rishning xiralashishiga olib keluvchi nuqson sanaladi Bunda yorug‘lik ko‘zga kirganda, g‘ayritabiiy egrilik tufayli to‘r pardaga to‘g‘ri qaratilmaydi. Oqibatda noaniq tasvir paydo bo‘lib, istalgan masofada ko‘rish buziladi yoki xiralashadi.
U bolalar orasida tez-tez uchraydigan muammolardan biri bo‘lib, ayniqsa, keyingi vaqtlarda telefon va gadjetlarga mukkasidan ketish, uzoq vaqt televizor ko‘rish, yotgan holda kitob o‘qish tufayli bunday tashxis qo‘yilayotgan o‘g‘il-qizlar soni birmuncha ko‘paymoqda.
Shuningdek, uning kelib chiqishiga genetik omillar, bolaning tug‘ilish jarayonida ko‘zning muguz pardasi shaklining buzilishi, ko‘z jarohatlari, keratit, keratokon’yunktivit kabi xastaliklar ham sabab bo‘lishi mumkin.
Astigmatizm bilan og‘rigan bola ham yaqin, ham uzoqni teng darajada yaxshi ko‘ra olmaydi. Shu bois u yon-atrofga faqat ko‘zlarini qisgan holatda qaraydi. Yoki yaxshiroq ko‘rish uchun boshini egadi va aylantiradi.
Qolaversa, bemor bosh og‘rig‘i, ko‘z atrofida noqulaylik, yorqin nurdan qochish, narsalarning chaplashib yoki ikkita bo‘lib ko‘rinishi, kompyuter yoxud kitobdan ko‘zning tez toliqishidan shikoyat qiladi.
Agar u o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rishning keskin pasayishi, hatto, ko‘rolmaslikka olib kelishi mumkin.
Astigmatizmga okulist tomonidan maxsus jadvallar yordamida bemorning ko‘rish qobiliyatini tekshirish va shox pardaning egriligidagi mavjud farqni aniqlashdan so‘ng tashxis qo‘yiladi. Uni 3 yoshdan boshlab 7-8 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ham aniqlash mumkin.
Bu muammoda ko‘rish qobiliyatini to‘g‘rilash uchun ko‘zoynak va kontakt linzalaridan foydalaniladi. Davolash esa faqat jarrohlik yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bu operatsiya 18 yoshdan so‘ng bemorda ko‘rish tizimi to‘liq shakllanganidan so‘ng tavsiya etiladi.
Sharhlar