Bolalarda maymoqlikni butunlay davolash mumkin

Foto: planbaby.uz

Kuzatuvlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo miqyosida bolalar orasida oyoq kaftidagi tug‘ma nuqsonlar ko‘p uchramoqda. Ulardan biri maymoqlikdir.

Maymoqlik — bolalar orasida eng ko‘p uchraydigan ortopedik xastaliklardan biri. Bugungi kunda dunyoda o‘rta hisobda har 1000 nafar bolaning 4 nafari ushbu kasallik bilan dunyoga kelmoqda.

Uning kelib chiqishiga irsiyat, genetik xastaliklar, homiladorlik davrida onaning qog‘onoq suvlari kamligi yoki bachadon holatining noto‘g‘ri joylashuvi, homilador ayolda avitaminoz va nerv tolalarining birlamchi yetishmasligi hamda homila muskul-boylam apparati rivojlanishining buzilishi kabi bir necha omillar sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, homiladorlik vaqtida onaning turli infeksion kasalliklarga chalinishi, kuchli depressiya holatida bo‘lishi va nosog‘lom turmush-tarzi oqibatida ham maymoqlikning yuzaga kelish ehtimoli yuqori.

Xastalikka tashxis qo‘yish murakkab jarayon emas. Agar bolada tug‘ma maymoqlik bo‘lsa, tug‘uruqxonaning o‘zidayoq ilk alomatlarini ilg‘ash mumkin. Ya’ni malakali doyalar chaqaloq oyoqlarining tuzilishidan kelib chiqib, ortoped ko‘rigini tavsiya etadi.

Tug‘ruqxonadan chiqqach, roppa rosa bir oydan so‘ng bolani ortoped-shifokor ko‘rigiga olib borish kerak. Mutaxassis maymoqlikning turi va darajasini aniqlab, avvaliga davolash gimnastikasi hamda uqalash mashqlarini tavsiya etadi. Shu tariqa bolakayni gips qo‘yishga bosqichma-bosqich tayyorlab borish lozim. Chunki dabdurustdan gips qo‘yish kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Maymoqlik uch asosiy belgiga ko‘ra tasdiqlanadi: supinatsiya — oyoq panjasining o‘z o‘qi atrofida aylanishi, ekvinus — oyoq panjasining pastga tushishi hamda oyoq oldi qismining ichkariga tomon burilishi.

Mana shu alomatlar birgalikda namoyon bo‘lsagina maymoqlik tashxisi qo‘yiladi. Oyoqni ichkari tarafga burib qadam tashlash boladagi raxit yoxud tizza, son-chanoq patologiyasining alomati bo‘lishi ham mumkin.

Maymoqlikning tug‘ma shaklidan tashqari ikkilamchi ko‘rinishi ham mavjud. Bu, asosan, nevrologik kasalliklar va jarohatdan keyingi noto‘g‘ri suyak bitishi asoratidir. Maymoqlik har ikki yoki bir oyoqda bo‘lishi mumkin. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, hatto, ikki tomonlama maymoqlikda ham bolakay to‘liq sog‘ayib ketadi. Faqat buning uchun o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim.

Unutmaslik kerakki, agar maymoqlikka o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yilib, kerakli davolash muolajalari olib borilmasa, nogironlikka olib kelishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.