Bolaning bo‘yi normal o‘sishi nimalarga bog‘liq
Odatda go‘dak 1 yoshgacha yiliga o‘rtacha 25 sm.dan, ikki yoshgacha esa 10-12 sm.dan o‘sib boradi. 2 yoshdan keyin va jinsiy yetilish davrigacha yiliga bu ko‘rsatkich 4 sm.ni tashkil etadi.
Besh yoshgacha bo‘y uzunligiga qalqonsimon bez javob bersa, balog‘at davri boshlanishi bilan bu nazorat jinsiy gormonlarga o‘tadi.
Ko‘pchilik ota-onalar o‘g‘il farzandining bo‘yi qizlarga qaraganda sekin o‘sayotganidan tashvishga tushadi. Biroq bundan xavotirlanmaslik kerak. Boisi o‘g‘il bolalarda bu holat qizlarga nisbatan 2-3 yil kech kuzatiladi. Ma’lum vaqtdan so‘ng o‘g‘il bolaning bo‘yi o‘sib ketadi.
Agar bolaga bo‘y o‘smaslik tashxisi qo‘yilsa, gormon terapiya muolajasi qo‘llanilishi mumkin. Biroq ushbu preparatlarni o‘z vaqtida va belgilangan tartibda qabul qilish shart. Sababi bilib-bilmay bo‘y o‘stiruvchi gormonlardan foydalanish organizmda jiddiy nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois mazkur muolaja faqat mutaxassis maslahati bilan amalga oshirilishi zarur.
Shuningdek, bolalarning bo‘yi normal o‘sishi uchun ularning to‘g‘ri ovqatlanishiga alohida e’tibor berish tavsiya etiladi. Xususan, kalsiy, D va sink kabi vitamin va minerallar ularning bo‘yi o‘sishiga yordam beradi. Ushbu moddalar sut mahsulotlari, tuxum, go‘sht, yog‘li baliqlar, xo‘l mevalar, ko‘katlar hamda dukkakli sabzavotlar orqali qabul qilinadi.
Bolani bo‘yi me’yorida bo‘lishi uchun ota-onalar sport mashqlariga ham e’tibor qaratishi, jumladan, o‘g‘il-qizlarini sakrash, turnikda osilish, voleybol va basketbol kabi sport turlariga jalb qilishi maqsadga muvofiq. Bola qanchalik jismoniy faol bo‘lsa, unda shuncha ochlik hissi paydo bo‘ladi. Bu esa o‘sish gormoni ko‘proq ishlab chiqarilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, uyquning yetarli darajada bo‘lishi ham muhim. Ya’ni bolalar har kuni kamida 8-10 soat uxlashi kerak. Chunki o‘sish gormonlari asosan uyqu paytida ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, ota-onalar oilada farzandlari uchun yoqimli muhit yaratib berishi kerak. Sababi bolalarda stress darajasining ko‘tarilishi ularning bo‘yi o‘sishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Sharhlar