Bosh prokuratura: Toshkent aeroportida ahvoli yomonlashgan ayol kasalxonada vafot etdi
Toshkentda Dubay-Toshkent reysi bilan kelgan yo‘lovchi ayol salomatligi yomonlashgandan so‘ng shifoxonaga yetkazilib, u yerda vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
7-oktyabr kuni soat 17:34 da “Toshkent” xalqaro aeroportining tibbiy punktiga kelish zalida yo‘lovchining ahvoli yomonlashgani haqida chaqiruv kelib tushgan. Dubaydan HY-334 reysi bilan kelgan 37 yoshli О‘zbekiston fuqarosi kuchli bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlikdan shikoyat qilgan.
Tibbiy punkt xodimlari dastlabki yordam ko‘rsatgach, kasalxonaga yotqizish uchun shahar tez yordam xizmatini chaqirishgan. Soat 18:32 da tez yordam mashinasi ayolni kelish zalidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketgan.
Shifokorlarning barcha urinishlari va reanimatsiya tadbirlariga qaramay, bemor vafot etgan. Hozirda o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Sharhlar