Bosh prokuratura Toshkent va viloyatdagi havo ifloslanishini o‘z nazorati ostiga oldi
Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari nazoratga olindi. Tekshiruvlarga ko‘ra, chang va gaz tozalash uskunalari Toshkent shahridagi 31 ta korxonadan 8 tasida, Toshkent viloyatidagi 27 ta korxonadan 19 tasidagina o‘rnatilgan.
Toshkentliklar so‘nggi paytlarda havoning yuqori darajada ifloslanishidan xavotir bildirishgan va shahar xalqaro reytinglarda tobora ko‘proq ifloslangan shaharlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Vaziyatga qurg‘oqchil iqlim kabi tabiiy omillar, shuningdek, sanoat, transport, daraxtlarning noqonuniy kesilishi va tasdiqlangan rejalarsiz intensiv qurilish ta’sir ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab prokuratura organlari tomonidan “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan rejali tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Aniqlanishicha, atrof-muhitga yuqori ta’sir ko‘rsatadigan toifalarga kiruvchi ko‘plab korxonalar zamonaviy tozalash tizimlarini o‘rnatishni kechiktirmoqda.
22 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Bosh prokuratura nazorati ostida turli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Aniqlangan barcha qonunbuzarliklar atroflicha o‘rganilib, ularning har biri bo‘yicha chora ko‘riladi.
Sharhlar