Bosh prokuratura Xorazmda o‘qituvchining kaltaklanishiga izoh berdi

фото: quloq

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi maktablardan birida o‘quvchining onasi o‘qituvchisi bilan mushtlashgani aks etgan video tarqaldi. 

Joriy yil 15 oktyabr kuni Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi 36-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchining onasi S.R. va o‘qituvchi G.R. (ayol) o‘rtasida ziddiyat kelib chiqib, urishib ketishgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, fuqaro S.R.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41 (Tuhmat) va 52 (Yengil tan jarohati yetkazish) moddalari 2-qismi, G.R.ga nisbatan MJtKning 52-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Mazkur qaror prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, asossiz bo‘lganligi sababli bekor qilingan va 18 noyabr kuni fuqaro S.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga yuborilgan.

Jinoyat ishi tergovi Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.