Bu mahsulotlar organizmda qarish jarayonini tezlashtiradi
Kunlik tanavvul qilinayotgan taomlar inson salomatligiga ta’sir qilib, organizmning qarish jarayonini rag‘batlantirishi mumkin. SSV ana shunday mahsulotlar ro‘yxati va ularning tanaga ta’siri xususida ma’lumot berdi.
Shakar va barcha shakarli mahsulotlar. Shirinxo‘rlar navbatdagi desert bilan o‘zlarini xursand qilayotganlarida organizmda glikatsiya jarayoni ishga tushadi va AGE va RAGE molekulalari to‘plana boshlaydi. Ular yig‘ilgan joyda yallig‘lanish jarayoni doimiy ravishda saqlanib, organlarning normal ishlashi buziladi. Shu tarzda “yoshga doir” kasalliklar boshlanadi.
Trans yog‘lar. Ularning asosiy manbalari — fastfud va margarin. Bu yog‘lar qarish jarayonini tezlashtiradi. Chunki ular qon tomirlarini toraytirib, uning oqimini buzadi. Oqibatda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi sezilarli darajada ortadi.
Qahva va kofeinli ichimliklar (energetiklar). Kofeinning ko‘p miqdori tana hujayralarining suvsizlanishiga, bu esa moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Energetiklarda kofeinning ta’siri natriy bilan yanada ko‘proq bo‘ladi. Terining erta qarishini oldini olish uchun har qahva ichganingizdan keyin albatta bir stakan suv ham ichish muhimdir.
Spirtli ichimliklar. Ularni muntazam ichish jigarga jiddiy ta’sir qiladi. Chunki alkogol ushbu filtrlovchi organda toksinlar to‘planishiga, bu esa organizmda yallig‘lanish jarayonlari boshlanishi va turli kasalliklarga olib keladi.
O‘ta sho‘r mahsulotlar (pishloq, pitssa (ayniqsa pepperoni), chips, krekerlar). Tuz tanadagi suvni ushlab qoladi va bu hujayralarning qisqarishiga olib keladi. Natijada suvsizlanish yuzaga keladi. Bu esa, tabiiyki, qarish jarayonini tezlashtiradi.
Shuningdek SSV taqdim qilgan ro’yxatning davomida qayta ishlangan go‘sht (kolbasa, sosiska va bekon), qovurilgan kartoshka, ustki qobig‘i och jigarrang bo‘lguncha qovurilgan yoki pechda pishirilgan barcha taomlar keltirilgan. Bu ishtahaochar rang, yuqorida aytganimiz, glikatsiya jarayoniga bevosita bog‘liq, hattoki bu taomga shakar qo‘shilmagan bo‘lsa ham.
Sharhlar