Bugun 8 nafar sportchi saralash musobaqalarida ishtirok etadi
29-iyul kuni “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarining uchinchi kunida 25 ta sport turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. Shundan 12 ta sport turi bo‘yicha 19 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston olimpiyachilari dzyudo, qilichbozlik, akademik eshkak eshish, suzish, boks sport turlarida mamlakat sharafini himoya qiladi.
Dzyudochilardan Shukurjon Aminova va Murodjon Yo‘ldoshev, qilichbozlardan Zaynab Dayibekova sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilsa, bokschilardan Ruslan Abdullayev, Bahodir Jalolov, akademik eshkak eshuvchilar Shahzod Nurmatov va Sibir Safaraliyev, suzuvchi Ilya Sibirsev saralash musobaqalarida qatnashadi.
Dzyudochi Shukurjon Aminova 57 kilogrammda Kot-d’Ivuar vakili Zuleyxa Dabonne bilan, Murodjon Yo‘ldoshev qozog‘istonlik Daniyar Shamshayev bilan saralashdagi ilk bahslarda ro‘baro‘ keladi.
Qilichbozlikning sablya yo‘nalishidagi bellashuvda qatnashayotgan Zaynab Dayibekova Koreya Respublikasi sportchisi Yu Jinsu bilan, bokschi Bahodir Jalolov norvegiyalik Omar Shiha bilan, Ruslan Abdullayev meksikalik Migel Ramires bilan ilk uchrashuvlarda to‘qnash kelishadi.
Yozgi Olimpiya o‘yinlarining umumjamoa joylashuvida Yaponiya vakillari 4 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi pog‘onalarda Avstraliya (4-2-0), AQSH (3-6-3), Fransiya (3-3-2) kabi mamlakatlar joy egallagan.
Kecha Diyora Keldiyorovaning dzyudo bellashuvlarida oltin medalga ega chiqishi evaziga O‘zbekiston sport delegatsiyasi umumjamoada 10-o‘rinda bormoqda.
Aytish lozim, yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan 206 ta sport delegatsiyasidan bugungacha 22 tasi sovrinli o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, 84 ta milliy jamoa hali bironta ham medal qo‘lga kirita olmagan.
Sharhlar