Bugun Toshkentda shaxmat bo‘yicha Prezident Kubogi turniri boshlanadi
Bugundan poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasi yana bir nufuzli xalqaro musobaqaga mezbonlik qila boshladi. To‘qqiz kun davomida dunyoning ko‘zga ko‘ringan grossmeysterlari mukofot jamg‘armasi 75 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi Prezident Kubogi musobaqasi bosh sovrini uchun o‘zaro bahs olib borishadi. Ishtirokchilar FIDE reytingidagi o‘rinlariga qarab A va V guruhlarida dona surishadi.
Yurtimiz sharafini A guruhi bahslarida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yakubboyev singari taniqli grossmeysterlarimiz hamda iste’dodli yosh shaxmatchilarimiz himoya qiladi. Abdusattorov xalqaro turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi sifatida saralangan. Eronlik Parham Maqsudlu ikkinchi, uning hamyurti Amin Tabatabayi uchinchi raqam ostida tasniflangan.
Barcha to‘qqiz uchrashuvini birinchi taxtada o‘tkazadigan Nodirbek Abdusattorov (2777) bugun soat 14:00da start oladigan 1-tur bahsida qora donalarda hindistonlik Sambit Panda (2380) bilan hisob kitob qiladi. Javohir Sindarov (2682) FIDE bayrog‘i ostida harakat qiladigan Yekaterina Golseva, Shamsiddin Vohidov (2681) esa hindistonlik Etan Vaz (2370)ga qarshi dona suradi.
Sharhlar