Buxoro viloyatida chigirtkalar ko‘payganligi holati yuzasidan ma’lumot berildi
Buxoro viloyati Romitan tumani Gazli shahrida chigirtka sonining keskin oshishiga Fanlar akademiyasi olimlari munosabat bildirdi.
Ma’lumki Buxoro viloyatining maydoni 39 400 km2 ni tashkil etib, viloyat hududining 80% dan ortig‘ini qizilqum cho‘li tashkil etadi. Cho‘l hududining aksariyat qismida saksovul, yulg‘un, qandim, teresken kabi cho‘l o‘simliklar o‘sadi.
“Hududda saksovulzorlarning ko‘p bo‘lishi bu o‘simlik bilan oziqlanadigan boshqa organizmlarning, xususan katta saksovul bukrisi chigirtkasining ko‘payishiga imkoniyat yaratadi”, – deyiladi munosabatda.
Katta saksovul bukrisi chigirtkasi to‘da hosil qilmaydigan chigirtkalar qatoriga kirib, u faqatgina saksovul o‘simligi barglarini iste’mol qilib, boshqa hech qanday o‘simlik yoki qishloq xo‘jalik ekinlariga zarar keltirmaydi.
Hozirgi kunda Buxoro viloyatida tarqalgan katta saksovul bukrisi chigirtkasining ommaviy ko‘payishiga qarshi kurash choralari olib borilgan va chigirtkalarning tarqalishi nazorat ostiga olingan.
Sharhlar