Buyuk Britaniya o‘z bitiruvchilarini tashlab qo‘ymaydi: Grantlar va muvaffaqiyatlar
Ma’lumotlarga qaraganda 2020-2021 o‘quv yilida Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan 615 nafar o‘zbekistonlik talabalardan 115 nafari “El-Yurt Umidi” jamg‘armasi stipendiyasi sohiblari bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 250 dan ortiq Chevening dasturi bitiruvchilari, 11 nafar Hornby stipendiyasi bitiruvchilari va 2 nafar STEM sohasidagi ayol-qizlar stipendiyasi sovrindorlari mavjud. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi transmilliy ta’lim bozori o‘sishda davom etmoqda va hozirgi kunda O‘zbekiston bo‘ylab 10 ta Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi va Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi hamkorligida Toshkent shahrida “Buyuk Britaniya oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan o‘zbekistonlik bitiruvchilar anjumani o‘tkazildi. Tadbirda Buyuk Britaniya universitetlari bitiruvchilari, Chevening stipendiya dasturi g‘oliblari, Buyuk Britaniya Alumni Awards mukofoti sovrindorlari kabi 200 dan ortiq yosh mutaxassislar ishtirok etdi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarga kasbiy rivojlanishi va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etish hamda O‘zbekistonda Buyuk Britaniya bitiruvchilari tarmog‘ini mustahkamlash hisoblanadi.
Tadbirda Buyuk Britanlyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchi o‘rinbosari janob Jeyms Roed-Mur hamda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori o‘rinbosari Jamilya Gulyamova ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirib, Buyuk Britaniya bitiruvchilar tarmog‘ining ahamiyati va uning mamlakat ta’lim tizimiga qo‘shgan ijobiy hissasini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, London South Bank Universiteti tarkibidagi South Bank Innovation tadbirkorlik, taraqiqot va innovatsiyalar bo‘limi menejeri janob Rui Barros Silva sun’iy intellektni rivojlantirish ko‘nikmalarini kelajakda qanday joriy etish va turli sohalardagi biznes tizimlarini takomillashtirishga ko‘rsatadigan ta’siri mavzusida ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng, Buyuk Britaniya universitetlari bitiruvchilari biznes, tadbirkorlik va ta’lim sohasida yetakchi milliy mutaxassislar ishtirokida liderlik mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiyaga O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi, hozirda Toshkentdagi Vebster Universiteti professori Alisher Fayzullayev raislik qildi. Muhokamada zamonaviy biznes standartlariga moslashuvchanlik, ishonch uyg‘otish, odob-axloq va aloqalarni mustahkamlash kabi liderlikning sifatlari muhokama qilindi.
Tadbir davomida 2023-yilgi Alumni Awards mukofotlarining “Madaniyat va Ijod” yo‘nalishida Global G‘olib, Edinburg universitetining “Qiyosiy va umumiy adabiyotshunoslik yo‘nalishi bitiruvchisi Iskandar Sattiboyev so‘zga chiqdi. Buyuk Britaniya ta’limi uning kasbiy rivojlanishiga qanday ijobiy ta’sir qilganini, xususan, Andijondagi davlat maktabi o‘qituvchisi sifatidagi tajribasidan ilhomlanib, talabalar uchun tillarni oson va samarali o‘rganishga imkon beruvchi mobil ilova yaratgani haqida hikoya qildi.
Sharhlar