O‘zbekistonda BYD Seagull va E2 elektromobillari ishlab chiqariladi
Aholi barcha qatlamlarining talablarini bajarish va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish strategiyasi doirasida BYD Uzbekistan Factory zavodi Xitoy hamkorlari bilan BYD avtomobilining yangi modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi, deb xabar bermoqda “O‘zavtosanoat”. Ishlab chiqarish uchun ko‘zda tutilgan modellar orasida BYD Seagull va E2 bo‘lib, hamkorlar tomonidan ularning birinchi namunalari sinov laboratoriyalarida tekshirilmoqda.
BYD Seagull va E2 modellari uchun sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida ushbu avtomobillar UzTest davlat muassasasining Quality and Safety Testing sinov laboratoriyalari kompleksiga topshirildi.
Sinovlar umumiy texnik reglament talablariga asoslanib o‘tkazilmoqda hamda elektromagnit moslik, tormoz tizimi samaradorligi, ichki va tashqi shovqin darajasi, isitish va sovutish tizimlari, boshqaruvchanlik va barqarorlik, yoritish tizimi va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlarni tekshirishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Texnik reglament agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi bozoriga taklif etiladigan avtomobillar uchun yangi standartlarni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Ushbu standartlar xizmat ko‘rsatish va kafolat shartlari, xalqaro ekologik standartlarga muvofiqlik, xavfsizlik talablariga rioya qilish, shuningdek, yangi energiya manbalaridagi avtomobil akkumulyatorlarini xavfsiz qayta ishlash va utilizatsiyani o‘z ichiga oladi.
Ushbu qadam BYD Uzbekistan Factory zavodining nafaqat o‘z mahsulot turlarini kengaytirishi, balki ularning yuqori sifatini hamda barcha zarur xavfsizlik va ekologik standartlarga muvofiqligini ta’minlashga bo’lgan intilishini ko‘rsatadi, deyiladi xabarda.
Sharhlar