Chanel va boshqa jahon brendlari asta-sekin Rossiya bozoriga qaytmoqda
Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan “Shanel SARL” kompaniyasi Coco Chanel brendini Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirdi, bu haqda 11 noyabr kuni xabar berilgan. Agar barcha huquqiy masalalar hal etilsa, kompaniya yana o‘z mahsulotlarini, jumladan, kosmetika, parfyumeriya, kiyim-kechak va aksessuarlarni Rossiya bozoriga taklif qila oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Frantsiyaning Chanel modalar uyi Rossiyadan butunlay chiqib ketishga va o‘z butiklarini yopishga qaror qilgan edi.
Bundan tashqari, Italiyaning Trussardi brendi ikki yillik tanaffusdan keyin Rossiya bozoriga qaytishini e’lon qildi va buni Yevropada talabning pasayishi bilan izohladi.
Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi ham Rossiyadagi mavjudligini tiklash choralarini ko‘rmoqda va “Rospatent”ga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 17 ga yaqin ariza topshirgan.
Germaniyaning Hugo Boss kiyim-kechak brendi Rossiyada faoliyatini tikladi. Stockmann Rossiya riteyleri boshqaruvi ostida Hugo Boss kompaniyasining 19 ta do‘koni ochildi. Brend saqlanib qoldi, ammo yuridik shaxs “Hugo Boss Rus” dan “Link Fashion”ga o‘zgartirildi.
Frantsiyaning hashamatli brendi Christian Dior “Rospatent”ga Dior, Dioramour va Gem Dior savdo belgilarini, shuningdek, C va D harflarining stillashtirilgan tasviri tushirilgan logotipni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirdi. Bu brendning Rossiya bozoriga qaytishi mumkinligidan dalolat beradi.
Xitoyning Chery avtomobil ishlab chiqaruvchisi Rossiyada, ehtimol Sollers zavodida avtomobil ishlab chiqarishni tashkil etishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Chery Rossiyada eng ko‘p sotiladigan uchta Xitoy brendidan biri bo‘lib, u oyiga 10 000 dan ortiq avtomobil sotadi.
Amerikaning PepsiCo kompaniyasi Rossiyada, Novosibirsk yaqinida sneklar va sho‘r gazaklar ishlab chiqaruvchi zavodning birinchi bosqichini ishga tushirdi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 60 ming tonnani tashkil etadi.
Sharhlar