Chaqaloqlarni xastalikka qarshi emlash 99,8 foizga yetkazildi
Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq transformatsiya qilinmoqda.
Jumladan, sil kasalligining oldini olish, uni erta aniqlash va davolash bo‘yicha katta natijalar qo‘lga kiritilib, ushbu xastalikka qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan tibbiyot muassasalari infeksion nazorat qoidalariga binoan to‘liq rekonstruksiya qilindi va ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Chaqaloqlarni xastalikka qarshi emlash 99,8 foizga yetkazildi. 2023-yilga kelib, tuberkulyoz bilan kasallanish 2010-yilga nisbatan 45 foizga, o‘lim ko‘rsatkichi esa 87 foizga kamayishiga erishildi.
Shuningdek, ta’lim yo‘nalishida ham sezilarli natijalar qo‘lga kiritildi. Davlat rahbarining “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2024-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Uning barcha mavjud 10 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish mutaxassisliklari bo‘yicha jami 19 ta ta’lim dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim xalqaro standartlariga mos deb topildi.
Bundan tashqari, joriy yil Bolalar milliy tibbiyot markazi JCI sertifikatini oldi. Bu esa ushbu shifoxonada tibbiy xizmatlar sifati va bemorlar xavfsizligi eng yuqori xalqaro standartlarga javob berishini anglatadi. Qolaversa, tegishli davolash usullari va boshqaruv eng yuqori darajada ekanidan dalolat.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 14 ta laboratoriya majmualari “ILAC MRA” xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tkazildi.
Immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi tufayli 1996-yildan buyon O‘zbekistonda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002-yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud” sertifikatini olgan edi.
2024-yilda esa JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tomonidan O‘zbekistonda virusli gepatitning V turi sifatli emlash natijasida eliminatsiya qilinganligi bo‘yicha sertifikat topshirildi. Eng muhimi, mamlakatda vaksinalarning sifati va samaradorligi xalqaro standartlar asosida nazorat qilinadi va barcha sog‘liqni saqlash muassasalarida yuqori darajada ta’minlangan.
Sharhlar