O‘zbekistonda noyabr oyida keksalarga temir yo‘l chiptalari uchun chegirmalar taqdim etiladi

Foto: O‘zA

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi turizm oyligi doirasida keksalarning ichki yo‘nalishlarda chipta xarid qilishlari uchun chegirmalar e’lon qildi. 1-30-noyabr kunlari davomida 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga barcha mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha 20 foizli chegirma taqdim etiladi.

Kompaniyadan ma’lum qilishlaricha, ushbu aksiya “Afrosiyob” tezyurar poyezdlariga amal qilmaydi.

Chiptalarni «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» kompaniyasi kassalaridan shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta)ni  taqdim etgan holda xarid qilish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra,  har yili  noyabr oyida keksalar uchun turizm oyligi bo‘lib o‘tadi.

Oylik doirasida keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli loyihalar amalga oshirilib, yurtimizning diqqatga sazovor qadamjolariga sayohatlar tashkil etiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.