Chilim uchun tamaki mahsulotlari manziliga yetolmadi
Noqonuniy ishlab chiqarilgan tamaki tarkibidagi nikotin moddasi standartlar asosida ishlab chiqarilgan tamakiga qaraganda bir necha marta yuqori bo‘ladi. Shunga o‘xshash xavli mahsulotlarni aniqlash maqsadida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tekshiruv ishlari olib borildi.
Unda Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tish maqsadida harakatlanib kelgan “DAF” rusumli yuk avtotransport vositasi “Rapiscan Eagle M60” nomli inspeksion ko‘rik majmuasi (IKM) yordamida olingan tasvirlar tahlil qilinganda, tovar bilan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlari o‘rtasida tafovutlar mavjudligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, yuk avtotransport vositasiga yuklangan tovarlar belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, taqdim etilgan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarda ko‘rsatilmagan, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, “oldin foydalanishda bo‘lgan plyonka chiqindilari” orasiga avvaldan yashirilgan 50 ta qog‘oz korobkalarda, qiymati 251 mln so‘mlik jami 9907 quti har xil turdagi mevali o‘simliklardan tayyorlangan “Sherbetli” nomli chilim uchun tamaki mahsuloti borligi ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar