“Chorsu” bozor hududidagi savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi
Bugun, 28 iyun kuni soat 01:12 da Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Beruniy ko‘chasida joylashgan “Chorsu” bozor hududidagi savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan, deb yozmoqda FVV matbuot xizmati.
“Shunga ko‘ra, 12 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 01:17da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 02:22 da qurshab olingan va hozirda yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Yong‘in natijasida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi”, – deyiladi xabarda.
Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Hodisa joyiga Favqudodda vaziyatlar vaziri yetib borgan.
Yong‘in bir necha soat ichida lokalizatsiya qilinib, soat 02:47da to‘liq bartaraf etilgan. Ayni vaqtda Favqudodda vaziyatlar vaziri va tegishli tashkilotlar rahbarlari tomonidan yong‘in oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda, mutaxassislar hodisa sabablarini aniqlab, yetkazilgan zarar miqdorini baholamoqda.
Shahar va tuman hokimliklari vakillari ushbu sinovlarga duch kelgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Zarar koʻrgan maydonlarni taʼmirlash, tiklash va ishga tushirish masalalarini samarali va tezkor hal etish maqsadida ishchi guruh tuzildi va ushbu hodisa bozorning umumiy faoliyatiga ta’sir qilmay, u odatiy tarzda ishini davom ettirmoqda.
Tez orada barcha binolar ta’mirlanib, ularda yanada yaxshi ish sharoitlari yaratiladi. Ishlar yakuniga qadar esa hozirda tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishlari uchun boshqa binolar ajratilgan.
“Fursatdan foydalanib, halokatli oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun shahar aholisidan elektr jihozlaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lishlarini so‘raymiz”, – deyiladi xabarda.
Sharhlar