“Comment” yozishda ehtiyot bo‘ling!
Ijtimoiy tarmoqlarning izohlar bo‘limi foydalanuvchilar o‘rtasidagi muloqotning asosiy maydoniga aylangan. Har bir tarmoqda izoh qoldirish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu orqali odamlar joylangan kontent va muallifiga nisbatan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishadi. Lekin so‘nggi yillarda bu muloqotlar madaniyatining pastlashi, haqoratlar, tahdidlar va boshqa salbiy xatti-harakatlar ko‘paygani bor gap.
UNICEF hisobotida aytilishicha, 2021-yilda global miqyosda yoshlarning 37 foizi kiber zo‘ravonlikka duch kelgan. 2020-yilda AQShda Pew Research Center o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, katta yoshdagi aholining 41 foizi internetda haqorat va kiber zo‘ravonlikka uchragan bo‘lsa, yoshlarda bu natija 59 foizini tashkil qiladi. Buyuk Britaniyada esa 2020-yilda yoshlarning 42 foizi kiber zo‘ravonlikdan jabrlanganligi tadqiqotlar natijasida aniqlangan. Afsuski, O‘zbekistonda bu kabi statistika yuritilmaydi. Xo’sh, sizningcha O‘zbekistonda kiberzo‘ravonlik yoki trollingning keng tarqalganligini ko‘rsatadigan misollar bormi?
O’zbek media olamining tarmoq foydalanuvchilari asosan siyosiy shaxslarning chiqishlari, ayollar huquqi himoyachilari va shu kabi mavzularga nisbatan ko‘proq salbiy munosabat bildirishadi. Feruza Babasheva, Jahongir Otajonov, Feruza Najmiddinova, Sevara Soliyeva va boshqa faollar bilan bog‘liq keyslar ko‘pchilikka ma’lum. Huquqshunos, pedagog va ayollar huquqi faoli Kamola Aliyeva ham ayni shunday heytga uchragan. O‘zining gender masalasidagi keskin fikrlari, turli OAV vositalari va ijtimoiy podkastlarda ayni mavzudagi chiqishlari ko‘plab tarmoq faollarining tanqidlari ostida qolgan.
“Birinchi bo‘lib kun.uzga “Oiladagi zo‘ravonlikni oilaviy masala deb qaralishi” haqida intervyu berganman. U yerda bir qator muhim masalalarni ko‘tarib chiqqan edim. Shunda eng katta heytga uchraganman. U intervyu qisqa qilib qiyilib tarmoqqa tarqatilgan. Instagram, facebook va telegramga joylangan videolarning izohlar qismida “Kim o‘zi bu”, “Qayerdan chiqdi”, “Qanday tadqiqotchi” singari heytlar juda ko‘p bo‘lgan”, – dedi u.
Aliyevanining aytishicha, bildirgan fikrlari uchun tarmoqlarda, shaxsiy hayoti orqali haqorat qilishgan. U huquqlaridan foydalanib izohlarda haqorat qilgan shaxslar ustidan IIB ga shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi. Arizada vaziyat batafsil tushuntirilgan, Aliyevaga heyt qilganlarning elektron manzillari berilgan bo’lsada yashash tumaniga qarashli IIB dan jinoyat alomatlari yo‘q degan mazmundagi javob xatini oladi. Va xolangki, huquqshunosning fikricha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonni haqorat qilish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lsa, internet orqali bu jinoiy ish ochilishiga asos bo‘lishi kerak.
Soxta yoki yopiq akkauntlardan haqorat qilingan bo‘lsa, ularni aniqlash mumkinmi? IIV Tezkor qidiruv departamenti Kiber xavfsizlik markazi xodimi Azizbek Irgashev bu mavzuda shunday deydi:
-Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan kontentlarning izohlar qismiga turli xil fikrlar yoziladi. Achinarlisi, jahl yoki stress sabab bir-birini haqorat qilish holatlari ham uchrab turadi. Bu bo’yicha O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlik mavjud. Soxta akkaunt orqali ijtimoiy tarmoqlar va izohlarda haqorat qilgan, kamsitganlarni shaxsini aniqlashtirilib, qonuniy chora ko‘rishni imkoni bor.
Amaldagi qonunchilikda ayni turdagi jinoyat uchun ma’lum bir jazolar tayinlangan. Ya’ni:
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
- Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan rahbar yoki davlat xizmatchisi tomonidan kimnidir haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
- Shuningdek, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
- Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Haqorat qilish:
- a) jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;
- b) xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilgani uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Amalga oshirilgan jinoyat yuzasidan murojaat qilish uchun avvalo, haqorat so‘z yozilgan izohni ekran tasvir qilish (screen) va uni IIBga yozma ariza tarzda taqdim qilish yetarli. Mas’ullar belgilangan muddatda sizga javob xati yuboradi.
Bu kabi kiberjinoyatlar va trollinglar ko‘p hollarda inson ruhiyatini jiddiy ravishda buzadi. Psixolog Dilshod Ergashevning fikricha, izohlar orqali olingan haqoratlar odamning o‘zini qadrsiz his qilishiga olib keladi. “Uzoq muddatli haqoratlar odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi va o‘zini yetarli darajada qadrlamaslik hissini uyg‘otadi,” – deydi Ergashev.
Psixolog Nigora Saidovaning ta’kidlashicha, izohlar orqali doimiy haqoratga uchragan odamlar ko‘pincha kuchli stress va tashvish hissini boshdan kechiradilar. Ular har safar izohlarni ko‘rib, o‘zlariga nisbatan xavotirga tushadi, bu esa uyqu buzilishi va diqqatni jamlay olmaslikka olib kelishi mumkin. “Doimiy izohlar orqali olingan haqoratlar odamning ruhiyatini buzadi va depressiyaga tushish xavfini oshiradi. Ba’zi hollarda bu ruhiy travmaga aylanishi ham mumkin,” – degan fikrda psixolog Alisher Xoliqov.
Ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy izohlardan saqlanish uchun birinchi navbatda, foydalanuvchilarda media savodxonlikni oshirish zarur. O‘z fikrlarini izohlar orqali bildirayotganlar odob doirasida qolishi, konstruktiv tanqid va haqoratni farqlay bilishi kerak. Shu maqsadda, ta’lim tizimida media savodxonlikni kengroq joriy qilish, yosh avlodga internetda muloqot qoidalarini o‘rgatish samarali bo‘ladi. Bundan tashqari, tarmoqlarda izohlarni moderatsiya qilish tizimini kuchaytirib, anonim hisoblar va haqoratli yozuvlarga qarshi huquqiy choralar ko‘rilishi lozim.
Sharhlar