Samarqandda dala hovlisida kannabis yetishtirayotgan shaxs ushlandi

Foto: zarnews.uz

Samarqand viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda dala hovlisida kannabis oʻsimligini yetishtirayotgan va oʻn besh kilogrammdan ortiq marixuana giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

1-avgust kuni tumanning “Yangi ariq” mahallasida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1976-yilda tug‘ilgan erkak dala hovlisida 670 tup kannabis giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlangan. Shuningdek, hodisa joyida saqlab kelingan 15 kilogramm 300 gramm marixuana giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tezkor tadbir o‘tkazilayotganda dalahovlida bo‘lgan uch nafar shaxsning holatga aloqadorligi bo‘yicha tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur voqea yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) 2-qismi “b” bandi va 273-modda (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.