Oʻzbekiston hududidagi ko‘p asrlik daraxtlar xalqaro ro‘yxatga kiritildi
Oʻzbekiston hududidagi ko‘p asrlik va relikt daraxtlar haqidagi maʼlumotlar MonumentalTrees.com xalqaro ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu jarayonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ham ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur elektron ro‘yxatda dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan xalqaro ahamiyatga molik ko‘p yillik, noyob va o‘ziga xos daraxt turlari o‘rin olgan. MonumentalTrees.com ushbu milliy tabiiy meros obyektlarini jahon jamoatchiligiga keng tanitishda va milliy turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Mamlakatimiz hududi ham ana shunday noyob va tarixi uzoq asrlarga borib taqaladigan daraxtlarga boy ekanligi sir emas. Ayni vaqtga qadar bir qator milliy tabiiy meros obyektlari MonumentalTrees.com da o‘z ifodasini topdi. Jizzax viloyati Forish tumanidagi sharq biotasi (yoshi salkam 1500 yil) daraxti, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1160 yildan ko‘proq), Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi archa daraxti (yoshi 1000 yildan ko‘proq), yongʻoq daraxti (yoshi 800 yildan ko‘proq) va chinor daraxti (yoshi salkam 600-yil), shuningdek, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlogʻidagi chinor daraxti (yoshi salkam 900 yil), Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 750 yildan ko‘proq) hamda Jizzax viloyatida Zomin milliy tabiat bogʻi hududidagi boboyongʻoq daraxti (yoshi salkam 700 yil) shular jumlasidandir.
Ta’kidlash joizki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari safida mazkur xalqaro ro‘yxatda o‘z tabiiy meros obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan birinchi va MDH respublikalari orasida uchinchi davlatdir (Rossiya va Ozarbayjondan so‘ng).
Sharhlar