Yunusobodda qurilish loyihasi doirasida daraxtlar kesilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqlarda 2024-yilning 16—22-may kunlari Toshkent shahri Yunusobod tumani Sayilgoh ko‘chasidagi 1-uy manzili bo‘yicha hududdagi ko‘p yillik daraxtlar ko‘chirib olib ketilayotgani haqida xabarlar tarqalgan, deb yozadi O‘zA. Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, xabarlarga asosan o‘tkazilgan tekshirishda yuqoridagi hududda olib borilayotgan qurilish loyihasi doirasida “M.M.” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sog‘lom o‘sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlar (eman, qarag‘ay, aylantus va boshqalar) noqonuniy ravishda ko‘chirib olib ketilgan.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori talablariga ziddir.
Mazkur holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan xo‘jalik yurituvchi subyekt mas’ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.
Sharhlar