Davlat budjeti loyihasi: 2025-yilda ijtimoiy yo‘nalishlar uchun qancha mablag‘ ajratilmoqda?
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda palata matbuot xizmati yozmoqda.
8-noyabr kuni Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham mazkur qonun loyihasi konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganishicha, kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasida barcha sohalar qatori ijtimoiy yo‘nalishlarga keng o‘rin berilgan. Jumladan, ta’lim sohasiga 84,3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu mablag‘lar jami Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 25 foizini tashkil etib, bu 2024-yilga nisbatan 13,2 trln. so‘mga ko‘p. Xususan, umumiy ta’limga 54 trln. so‘m, maktabgacha ta’limga 15,8 trln. so‘m hamda oliy va o‘rta-maxsus ta’limga 14,5 trln. so‘m mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.
Ajratilayotgan bu mablag‘lar ta’lim sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi. Chunonchi, umumta’lim maktablarida o‘quvchilar soni 2025-yilning 1 sentyabr holatiga qariyb 6 mln. 800 mingga yetishi natijasida 1,1 trln. so‘mga yaqin qo‘shimcha xarajatlar yo‘naltiriladi.
Umumta’lim sohasiga budjetdan ajratilayotgan mablag‘larning yildan- yilga ko‘paytirilishi tufayli kelgusi yilda umumta’lim maktablarida bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan yillik xarajatlar miqdori 7 mln. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchi 1,4 mln. bolalarni ota onalar tomonidan to‘lanadigan to‘lovdan tashqari oziq-ovqat xarajatlarini qoplash uchun budjetdan 2,5 trln. so‘mga yaqin yoki 2024-yilga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.
Davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qiydigan talabalar soni 197,5 ming nafarga yetkazilishi e’tiborga olinib, 2025-yilda ta’lim sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun 10,7 trln so‘m, ya’ni, 2024-yildan 11 foizga ko‘p mablag‘lar ajratilishi nazarda tutilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar sinfxonalardagi bolalar sonini belgilangan me’yorlar asosida maqbullashtirish, maktab kutubxonlarini badiiy va ilmiy kitoblar bilan boyitish, maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy o‘quv qurollari bilan ta’minlash, yangidan maktablar qurish kabi masalalar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirishdi.
Ishchi guruh a’zolari ushbu masalalarga oydinlik kiritib, atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdilar.
Qayd etilganidek, qonun loyihasida ko‘zda tutilgan yangiliklar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush tarzini yaxshilash va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ayni paytda qonun loyihasi konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar davom etmoqda.
Sharhlar