Davlat rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi
Bo‘lib o‘tayotgan majlisda davlat rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Texnika yo‘nalishidagi 36 ta oliygohda o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, Davlat texnika universitetida mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklarni qisqartirish, kafedralarni birlashtirish mumkin. Universitet to‘liq dual ta’lim tizimiga o‘tadi. Fanlar kamida 30 foizga qisqaradi.
Oliygohdagi ta’lim Drezden texnika universiteti (Germaniya) va Sukuba universiteti (Yaponiya) dasturlariga moslashtiriladi.
Universitetda dekanatlarni talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashadi.
Xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinadi.
Yoki, Toshkent kimyo texnologiyalari institutida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini maqbullashtirib, 8 ta yangi yo‘nalish va mutaxassislik kiritish mumkin.
Har yili iqtisod bo‘ladigan mablag‘ institutni moddiy-texnika bazasini kuchaytirishga sarflanadi.
Bundan tashqari, 36 ta muhandislik oliygohi va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Har bir hududda kamida 1 tadan texnika universiteti bo‘ladi.
Rektorlar hamkorlik uchun xorijiy oliygohlarni tanlashda ular faoliyatiga to‘g‘ri kelishini tahlil qilib, shoshma-shosharliksiz qaror qabul qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan hamkor davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur.
Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi.
Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga har yili mablag‘ berishga tayyor.
Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.
Tarmoq vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular oliygohlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va buyurtmachi bo‘ladi.
Sharhlar