Davlat rahbari sportchilarni qo’lga kiritgan yutuqlari bilan tabrikladi

Foto: prezident.uz

Uchrashuvda Olimpiada o‘yinlarida yurtimiz vakillari bir qator rekord natijalarni qo‘lga kiritgani qayd etildi.

Masalan, dzyudo bo‘yicha bizda ilgari oltin medal bo‘lmagan edi. Bu safar matonatli dzyudochi Diyora Keldiyorova tomonidan ushbu marra zabt etildi. Olimpiya o‘yinlari tarixida o‘zbekistonlik ayollar o‘rtasida birinchi marta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Diyora yana bir rekord o‘rnatdi.

Yana bir jasur sportchi – Svetlana Osipova esa, taekvondo bo‘yicha birinchi kumush medalni egallab, mamlakatimiz ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Shu tariqa sportchi qizlarimiz bitta Olimpiadada ilk bor 2 ta medalni qo‘lga kiritib, yangi rekord o‘rnatishga erishdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston taekvondo bo‘yicha birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida 2 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, mohir sportchi Ulug‘bek Rashitov Olimpiya harakati solnomasida taekvondo bo‘yicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni bo‘ldi.

Shu paytgacha dunyoda faqat 4 nafar sportchi shunday yuksak sharafga sazovor bo‘lgan edi. Ulug‘bek esa beshinchi bo‘lib, ularning safidan munosib va mustahkam joy egalladi. U oyog‘idan qattiq jarohat olganiga qaramay, shiddatli final jangida kuchli raqibga qarshi mardona jang qilib, g‘olib qahramonga aylandi.

Boks bo‘yicha milliy terma jamoasi oltin medallar soni bo‘yicha mamlakatimiz tarixida Olimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

Erkaklar o‘rtasida yettita oltin medalning beshtasini yoki 71 foizini bizning bokschilarimiz qo‘lga kiritdilar.

Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz O‘zbekiston iftixorlari – mohir bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqovni ana shunday shonli yutuqlari bilan yana bir bor qizg‘in tabrikladi.

Erkin kurash bo‘yicha 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana Olimpiada oltin medali qo‘lga kiritilgani ham tarixiy yutuq bo‘lgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan davlat rahbari mohir kurashchi Razambek Jamalovni ham samimiy qutlab, unga yangi zafarlar tiladi.

Mamlakat jamoasi erishgan yutuqlarda kumush medal sohibi – og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev, bronza medal sovrindorlari – erkin kurashchi G‘ulomjon Abdullayev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupovning ham hissasi katta bo‘lgani e’tirof etildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.