Davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvi kamaytiriladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan tasdiqlanayotgan Tadbirkorlik kodeksi 100 dan ortiq qonunchilik hujjatini unifikasiya qilish nazarda tutilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarini tartibga solishdan iborat.
Unda Xususiy mulk, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifa sifatida belgilanmoqda.
Kodeksda tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari unifikasiyalangan holda mustahkamlangan. Jumladan, qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, tadbirkorlik sub’ektlari tengligi, halol raqobat, korrupsiyadan xolilik va boshqa prinsiplar qonundan o‘rin olgan.
Kodeks bilan tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda hamda xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda.
Kodeksda ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, kodeksda biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanib, davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.
Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtiradi. Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtiriladi. Davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvi kamaytiriladi.
Sharhlar