Deputatlar ish vaqtining yarmini o‘z saylovchilari oldida o‘tkazadilar
Deputatlar ish vaqtining yarmini o‘z saylovchilari oldida o‘tkazishlari parlamentarizm rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi. “Adolat” SDP joriy yilgi saylovoldi dasturida deputatlarning ish vaqtini yarmini albatta o‘z saylovchilari oldida o‘tkazishini belgilovchi tartibni joriy etish tashabbusini ilgari surmoqda.
Mazkur tashabbus quyidagi jihatlari bilan ahamiyatlidir:
birinchidan, deputatlar saylovchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lish orqali ularning muammolarini, ehtiyoj va takliflarini to‘g‘ridan to‘g‘ri tinglash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa xalqning ovozi parlamentda ko‘proq tinglanishiga va qonun ijodkorligi jarayonida xalq manfaatlari kengroq ifoda etilishiga olib keladi;
ikkinchidan, deputatlar o‘z saylovchilari oldida bo‘lgan vaqtlarida ularga o‘zlarining ish faoliyati to‘g‘risida to‘g‘ridan to‘g‘ri hisobot bera oladilar. Bu esa ularda o‘z ishiga nisbatan javobgarlik va mas’uliyat hissining oshishiga xizmat qiladi;
uchinchidan, xalq vakillarining o‘z saylovchilari bilan yaqindan ishlashlari ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi, chunki xalq o‘z vakillari bilan uchrashib, ular orqali parlament faoliyatida o‘z fikr va muammolarini ifoda eta olishadi.
Shunday qilib, deputatlar saylovchilar oldida vaqtini ko‘proq o‘tkazish orqali nainki ularning ishonchi va muhabbatini qozonishadi, balki o‘zlari ham xalqning qalbiga yaqinroq kirib borishadi, deputatlik mas’uliyatini har qachongidan ko‘ra teranroq anglay boshlashadi.
Har bir uchrashuv va muloqot ularning kelajakdagi qarorlariga ta’sir ko‘rsatgani holda yangi qonunlar xalqning haqiqiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishiga erishiladi.
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar