Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

30-iyul kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Oliy Majlis Senati Raisi T.K.Narbayeva ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda Prezident maslahatchisi M.M.Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.D.Toshboyev, diniy-ma’rifiy soha tashkilot rahbarlari hamda qo‘mita xodimlari ishtirok etdi.

Prezident maslahatchisi M.M.Kamilov tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan D.M.G‘ulomovani boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimdan ozod qilish to‘g‘risidagi hamda M.M.Kaxxarovani Din ishlari bo‘yicha qomita raisi o‘rinbosari etib tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori o‘qib eshittirildi.

Ma’lumot uchun, Dilbar Muxamedxonovna 2019-yilda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada yangi ochilgan xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishiga rahbar etib tayinlanib, Qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan edi.

“Dilbar Muxamedxonovna Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada o‘ziga yuklatilgan vazifalarga har doimgidek o‘ta masʼuliyat va fidoyilik bilan yondashib, tashabbuskorligi hamda mehnatsevarligini namoyon qilib, tajribali, talabchan rahbar, mohir tashkilotchi sifatida hurmat-eʼtibor qozondi” – dedi S.D.Toshboyev.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.