Surxondaryoda noqonuniy diniy ta’lim bergan yigit 15 sutkaga qamaldi

Foto: Sputnik

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan shug‘ullangan 27 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” MY5 telekanalining Markaziy studiya ko‘rsatuviga tayanib.

Qayd etilishicha, yigit 2024-yilning 2-iyulidan boshlab Telegram messenjerida «Qur’on va hatim» nomli guruh tashkil qilgan. U 300 ming so‘m evaziga 37 kishiga diniy saboq berib kelgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan ushbu diniy mazmundagi materiallar o‘rganib chiqilgan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, ular hech qanday buzg‘unchilik va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi, davlat va konstitutsion tizimga qarshi diniy materiallar emasligi aniqlangan.

Biroq yigit Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga asosan diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzgan. U jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahri sudida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

Sud hukmi bilan yigitga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.