Diyora Keldiyorova hozircha sportga qaytmoqchi emas
Dzyudo boʻyicha Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni Diyora Keldiyorovaning tarixiy gʻalabasi koʻpchilik yoshlar, ayniqsa, yosh qizlar uchun juda katta motivatsiya boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chempion unga qarata berilgan ba’zi savollarga javob berdi.
– Sizni yana qachon tatamida koʻramiz?
– Hozir jarohatlarimni davolayapmiz. Shuning uchun aniq bilmayman. Kelgusi Olimpiadagacha yana 4 yil vaqtimiz bor. Shuning uchun ham hozir ozgina taʼtildamiz. Oʻtgan Olimpiadada COVID-19 pandemiyasi boʻlgani uchun Parij-2024 sikli qisqaroq boʻldi. Soʻnggi 7 yil umuman dam olmadik, desam ham boʻladi. Shuning uchun ham hozir hordiq chiqaryapman va shu paytgacha bezovta qilgan barcha jarohatlarimni tuzatyapmiz.
– Yangi Olimpiada siklida vazn toifangizni oʻzgartirasizmi?
– Yoʻq, oʻzgartirmayman. Bunday rejam yoʻq.
– Ortingizdan dzyudoga kelayotgan yosh qizlar sezilarli darajada koʻpayib ketayotganini Siz ham sezayotgandirsiz. Buni hissiyotini ulasha olasizmi?
– Albatta, bundan juda xursandman. Toʻgʻrisi, dzyudoga kelayotgan qizlar bunchalik koʻpayishini kutmagan edim. Oʻzbekistonda ayollar sportini rivojlanishi uchun ozgina boʻlsa ham hissa qoʻshgan boʻlsam, judayam xursandman. Buning ortidan opa-singillarimiz sogʻlom turmush tarzini tanlashyapti. Sogʻlom onadan sogʻlom farzand dunyoga keladi. Bu, albatta, professional sportda ham “meva”sini koʻrsatadi. Bizda (ayollar dzyudosida) raqobat unchalik ham kuchaymagan edi. Chunki avval dzyudochi qizlar soni kam edi. Oʻylaymanki, yaqin davrda raqobatni bugungidan ham kuchaytiramiz. Har bir vaznda yetakchilikka daʼvogarlarni 10 taga yetkazib olsak, bu ayollar dzyudosida juda katta koʻtarilish boʻladi.
Sharhlar