Diyora Keldiyorova Olimpiadadagi kimonosini Lozanna muzeyiga berdi
Parij-2024 yozgi Olimpiya o’yinlari chempioni, dzyudochi Diyora Keldiyorova musobaqada kurashgan kimonosini Xalqaro Olimpiya qo’mitasining muzeyiga sovg’a qildi. O’yinlarning Asosiy matbuot markazida ushbu tadbirga bag’ishlangan anjuman o’tkazildi.
Unda O’zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, Xalqaro Olimpiya qo’mitasi (XOQ) va Xalqaro dzyudo federatsiyasi mutasaddilari qatnashishdi.
Keldiyorova yozgi Olimpiya o’yinlarida oltin medalga sazovor bo’lgan ilk o’zbek ayol sportchisiga aylandi. Rasmiylar mazkur natija ortida davlat va Prezidentning sohaga qaratayotgan ulkan e’tibori turgani, xotin-qizlar sportining rivoji yangi bosqichga chiqayotgani xususida to’xtalishdi. O’z navbatida, Diyora ham tarixiy chempionlikka erishganidan mamnunligi, kimonisi XOQ muzeyidan joy olayotgani u uchun sharaf ekanini qo’shimcha qildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar ham Keldiyorovaga o’ziga xos sovg’a tayyorlashdi. Diyoraning dzyudo olamidagi kumiri, ikki karra Olimpiada chempioni, fransiyalik Klariss Agbenenu Diyorani tarixiy g’alaba bilan qutlab, unga o’zining iliq tilaklarini yo’lladi.
Sharhlar