Otabek Umarov Telegram asoschisi Pavel Durov bilan uchrashdi
Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi prezidenti Otabek Umarov Telegram asoschisi Pavel Durov bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy haftada Telegram jamoasi loyiha asoschisi Pavel Durov va uning akasi Nikolay boshchiligida O’zbekistonga tashrif buyurgan.
“Mamlakatimizda ushbu xizmatga alohida iliq munosabat bildiriladi, chunki Telegram biz uchun shunchaki birinchi raqamli messenjerdan kattaroq narsadir. Biz uning yordamida yaqinlarimiz bilan doim aloqada bo‘lish bilan birga, yangiliklardan xabardor bo‘lamiz, ishlarni yuritamiz, kerakli tovar va xizmatlarni topamiz. Telegram har qanday masalada mobil internetning deyarli har bir foydalanuvchisiga yordam beradi”, — deyiladi postda.
Otabek Umarov Pavel va uning yaqinlarini qabul qilish haqiqiy sharafga aylanganini ta’kidladi. “Ularning barchasi yuksak darajadagi o‘z ishining ustalari bo‘libgina qolmay, balki dunyoga qalbi ochiq bo‘lgan ajoyib insonlar ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilish benihoya yoqimli hissiyotdir. Umid qilamizki, Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlari qoldirgan taassurotlar hamda Telegram foydalanuvchilari bilan muloqot ularga yangi texnologik yechimlarni yaratishga ilhom beradi. Bunga juda oz fursat qolganiga ishonaman”, — deya o‘z gaplariga yakun yasagan u.
Eslatib o‘tamiz, Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov avvalroq Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurib, ushbu mintaqadagi Telegram foydalanuvchilari ehtiyojlarini o‘rganish niyatini ma’lum qilgan edi. Keyinroq tadbirkor o‘z Telegram-kanalida safar chog‘ida olingan suratlarni e’lon qila boshladi.
Sharhlar