O‘zbekistonda maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shaxs tarbiyasi va rivojlanishiga bolalikdan zamin qo‘yiladi. Shu bois davlatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda bu tizimda qamrov darajasi 27 foizdan 74,6 foizga ko‘tarildi. Kelgusi besh yilda buni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, ta’lim-tarbiya mazmuni ham muhim. Bu o‘quv-metodik qo‘llanmalar ta’minoti, tarbiyachilar salohiyati, yangicha yondashuvlar kabi ko‘p omillarni talab etadi.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar hamma bog‘chalarda ham to‘liq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Bog‘chalardagi pedagoglarning katta qismi o‘rta maxsus ma’lumotli. Sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta. Bu jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oralig‘ida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shaklini ochish, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Bugungi kunda davlat bog‘chalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qog‘oz shaklida to‘ldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qo‘llagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qo‘yilmoqda.
Sharhlar