DXX hajga yuborishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari uch viloyatda fuqarolarni hajga noqonuniy ravishda jo‘natish bo‘yicha navbatdagi urinishlarga chek qo‘ydi.
Jumladan, poytaxtda yuqori martabali tanishlari orqali ikki fuqaroga viza rasmiylashtirib, 12 ming dollar evaziga Saudiya Arabistoniga haj safariga jo‘natishni va’da qilgan 1966 va 1968 yillarda tug‘ilgan ikki aka-uka qo‘lga olindi. Ular talab qilingan summani olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi.
Tergovga qadar olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida ushbu noqonuniy tadbirkorlik bilan muqaddam ikki marta firibgarlik uchun sudlangan Toshkent shahridagi sayyohlik kompaniyasining ijrochi direktori ham aloqadorligi ma’lum bo‘ldi.
Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi sayyohlik kompaniyasi xodimi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, joriy mavsumda haj ziyoratiga borishi uchun u va onasidan aldov yo‘li bilan 15 ming AQSh dollarini talab qiladi. U so‘ralgan summaning 7 ming dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, u sayyohlik agentligi rahbari bilan til biriktirib ish qilgan.
Farg‘ona viloyatida ikkita holatga chek qo‘yildi. Ulardan birinchisida, Bag‘dod tumanida yashovchi 34 yoshli fuqaro ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni 8,7 ming dollar evaziga hajga jo‘natishini va’da qilib, undan 17,4 ming dollar talab qilgan va undan summaning 10 ming dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan.
Marg‘ilon shahrida Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqarodan haj safarini tashkil qilish uchun 14 ming dollar talab qilgan sayyohlik kompaniyasi rahbari 10 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar