“E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani bu yilgi saylovlardagi muhim yangilik” – MSK raisi

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi Raisi ishtirokida matbuot anjumani bo‘lmoqda.

“O‘zbekistonda saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish – doimiy e’tibor qaratilayotgan eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilgani shular jumlasidandir. Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov tizimiga “E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani, qayd etilganidek, bu yilgi saylovlardagi muhim yangilik hisoblanadi. Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishdi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatildi”, – deydi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev.

Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur beshta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar nomzodlar ro‘yxati ro‘yxatga olindi. Ma’lumki, yagona saylov okrugi bo‘yicha 75-100 nafar deputatlikka nomzod partiya ro‘yxatiga binoan ko‘rsatilishi mumkin.

Tariximizda birinchi marta beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi.

Xususan, siyosiy partiyalar tomonidan bu yil Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 850 nafar nomzodlar, ya’ni barcha saylov okruglarida nomzodlar to‘liq ko‘rsatilishi imkoniga ega bo‘ldi.

Bunda, “E-saylov” interaktiv portalining ishga tushgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu tizim orqali siyosiy partiyalar nomzodlarning qonunchilik talablariga mosligi holati bo‘yicha saylov komissiyalari bilan tezkor ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.