Ekologiya vazirligi “M-25” konida vodorod sulfid sizib chiqishidan ko‘rilgan zarar miqdorini baholamoqda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari Boysun tumanidagi “M-25” konida vodorod sulfidi sizib chiqishi natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zararni baholamoqda. Vazir o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov vaziyat haqida gapirdi.
“Biz ko‘chma laboratoriyalar va ekolaboratoriya jihozlarini o‘zimiz bilan birga olib keldik. Joylardagi o‘lchash ishlarida shaxsan o‘zim qatnashdim. Havo namunasi turli nuqtalarda har soatda olindi. Kon yaqinida qishlog‘imiz hamda “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi joylashgan. Biz ushbu hududlarda tadqiqot olib bordik, zararni baholash ishlari loyiha hujjatlari yoki olingan o‘lchovlar natijalari asosida amalga oshiriladi”, – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zararni baholash loyiha hujjatlari va o‘lchov natijalari asosida amalga oshiriladi. Hisob-kitoblar tugallangach, ular belgilangan tartibda taqdim etiladi.
1-15 sentyabr kunlari Ekologiya vazirligi va SEX (sanitariya-epidemiologiya xizmati) xodimlari birgalikda zaharlanish ehtimoli bo‘lgan hududlarda tadqiqot o‘tkazgan. Ular muntazam ravishda respublika shtabiga ma’lumot berib turishgan.
“Hozirgi vaqtda xodimlarimiz voqea yuzasidan tadqiqot olib borish uchun yana hududga jo‘nab ketishdi. Biz o‘z vazifamizni qonunchilikka muvofiq bajarishda davom etyapmiz” – deya ta’kidladi Kazbekov.
Vazir o‘rinbosari, shuningdek, hozirda konda vodorod sulfidining ortiqcha konsentratsiyasi yo‘qligini ta’kidladi. Hodisaga ishlab chiqarishdagi texnik nosozliklar sabab bo‘lgan.
“Kecha normadan oshishi kuzatilmadi. Biz 7 xil gazning konsentratsiyasini o‘lchayapmiz, me’yordan oshib ketish holatlari qayd etilmadi” – dedi u.
Sharhlar