Ekologiya vazirligiga qo‘shimcha vakolatlar berildi: o‘zgarishlaar ovchilik xo‘jaliklarining faoliyatini qamrab oladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ekologiya vazirligiga yangi qo‘shimcha vakolatlarni beruvchi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar beradi.
Farmonga ko‘ra vazirlik:
– ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini tasdiqlaydi;
– ovchilik xo‘jaligini yuritishda texnik-iqtisodiy asosnoma materiallarining formatini tasdiqlaydi;
– yuridik va jismoniy shaxslar bilan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.
2024-yil 1-oktyabrdan ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi. 2024-yil 1-oktyabrdan ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi, jumladan:
– ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish joriy etiladi;
– ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga YaIDXP orqali 2 yil muddatga beriladi.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-sentyabrdan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari 3 yil muddat mobaynida mol-mulk va yer solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi.
Sharhlar