Ekologiyaga zarar keltirganligi uchun 33 378 nafar shaxsga nisbatan jarima qo’llanildi
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 33 378 nafar shaxsga 35.5 mlrd. so‘m ma’muriy jarima va yetkazilgan zararlar hisoblanib, 28,5 mlrd.so‘m undirildi. Bu haqida Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024 yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumida respublika bo‘yicha 138 mln tup (rejaga nisbatan – 110,5 %) ko‘chat ekildi. “Ochiq budjet” tizimi orqali “Mening bog‘im” loyihasi ishga tushirildi. Fuqarolar tomonidan tashabbus bildirilgan 738 ta loyiha orasidan 215 ta loyiha g‘olib deb topilib, jami 48,7 mlrd so‘m moliyalashtirish uchun yo‘naltirildi.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi I-IV toifaga mansub 11 296 ta (prognozga nisbatan – 107 %) obyekt davlat ekologik ekspertizadan o‘tkazildi.
Joriy yil yakuniga qadar 56 ta korxonada lokal oqova tozalash inshootlari quriladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi.
Mavjud 209 ta maishiy chiqindi poligonlarining 26 tasi sanitar-epidemiologik va ekologik talablarga javob bermasligi va o‘z resursini o‘tab bo‘lganligi uchun faoliyati to‘xtatildi. 183 ta maishiy chiqindi va 8 ta zaharli-kimyoviy chiqindi poligonlari “Chiqindi poligonlarini boshqarish” direksiyasi balansiga o‘tkazildi.
Andijon tajribasi asosida respublikada 414 ta zamonaviy chiqindi yig‘ish maydonchalari rekonstruksiya qilindi va qurildi, inspektorlar 250 ta planshet bilan ta’minlandi, 125 ta nazorat-kuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali 254,1 mln dona daraxtlarning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi. 553,1 mingdan ortiq daraxtlarning pasporti shakllantirilib, to‘liq parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar elektron platformaga kiritildi.
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida 2 ta elektr nasos ishga tushirildi va Amudaryodan suv chiqarish orqali to‘qayzorlar tanazzuliga barham berildi.
Barvaqt ogohlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida 20 ta gidrologik postlar zamonaviy avtomatik suv o‘lchash uskunalari bilan jihozlandi.
Sharhlar