“Eksport uch qadamda” tizimidan foydalanish natija bermoqda
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi rahbariyati poytaxtning Yashnobod tumanidagi korxonalarda sayyor uchrashuv o‘tkazdi. Dastlabki manzil maishiy texnika buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, yil boshidan buyon rasmiylashtirilgan 1439 ta eksport bojxona yuk deklaratsiyalari asosida qiymati 210 mln. AQSH dollariga yaqin 12 ming tonna tayyor mahsulotlar Turkiya, Rossiya, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga kabi davlatlarga eksport qilindi. Bu haqda Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati yozmoqda.
Bu jarayonda “Eksport uch qadamda” tizimidan foydalanishga ham endilikda alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar 40 ta bojxona yuk deklaratsiyalari aynan ushbu tizim ko‘magida tezkorlik bilan rasmiylashtirildi. Ishlab chiqarish jarayonlarining kengaytirishga alohida hissa qo‘shayotgan omil bu – chetdan keltirilayotgan xomashyo va texnologiyalar uchun taqdim qilinayotgan bojxona imtiyozlaridir. Mazkur korxonaga yil boshidan buyon 26,2 mlrd. so‘mlik imtiyozlar qo‘llanilgan bo‘lib, bu korxonada ishchi o‘rinlarini ko‘paytirishni rag‘batlantirmoqda.
“Navbatdagi manzil – savdo belgilari, tovarlar uchun turli yorliqlar chop qiluvchi korxona bo‘ldi. Biznes va ishlab chiqarishni kengaytirishda mahsulotning tashqi ko‘rinishi va bejirimligi muhim ahamiyat kasb etadi. Qulay va esda qolarli dizayndagi savdo belgisi har qanday xaridorni o‘ziga jalb etishi, shubhasiz. Bu yerda chop qilinayotgan taniqli savdo brendlarining aksariyati oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli. E’tiborimizni tortgani, O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan xorijiy brenddagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham savdo yorliqlarini ushbu korxonada chop etishga buyurtma berishmoqda”, – deyiladi xabarda.
Korxona “bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan samarali foydalanib kelmoqda. Joriy yilning o‘zida mazkur rejim ostida xorijdan keltirilgan xomashyoni qayta ishlash natijasida qiymati 360 ming AQSH dollarini tashkil qiluvchi 97.5 tonna tayyor mahsulotlar Rossiyaga eksport qilindi. Sayyor uchrashuv davomida bojxona sohasiga doir ko‘plab masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Sharhlar