O‘zbekistonda dinozavr suyaklaridan ekspozitsiya tashkil etiladi
AOKAda Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharafova ishtirokida brifing o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zA.
Keyingi yillarda yurtimizda fan va texnikaga bo‘lgan e’tibor oshib, o‘zbek olimlari tadqiqotlar olib borishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Fanlar akademiyasi tarkibidagi institutlarning aksariyati zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan binolarga ega bo‘ldi, olimlarning maoshlari oshirildi.
2024-yilning 6 oyida Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlarda 65 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash maqsadida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga 19 ta doktarant (DSc), 220 ta tayanch doktarant (PHD) hamda 100 nafar stajyor-tadqiqotchi qabul qilindi.
Olimlarimiz tomonidan “Maktabgacha ta’lim tarbiyaluvchilari uchun zilziladan himoyalanishni o‘rgatuvchi multimediali ta’lim resurslarini yaratish” bo‘yicha dasturiy ta’minot ishlab chiqildi.
“O’zbek xalqi ijodi yodgorliklari” 100 jildligining 31-40 jildlari nashrga tayyorlandi va nashriyotga taqdim etildi. Shuningdek, Botanika instituti va Botanika bog‘i olimlari hamkorligida Botanika bog‘ida yangi biotexnologiya laboratoriyasi ochildi.
Akademiyaning Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti olimlari slovakiyalik paleontolog olimlar bilan olib borgan ilmiy ekspeditsiyasida Orolbo‘yidan dinozavr izlari va dinozavr bolasining suyaklarini topishga muvaffaq bo‘ldi.
Joriy yilning sentabr oyida slovakiyalik olimlar hamkorlik memorandumiga asosan yana Nukusga tashrif buyurishi kutilmoqda. Birgalikda topilgan dinozavr suyaklaridan ekspozitsiya tashkil etish rejalashtirilgan.
Sharhlar