O‘zbekiston elchixonasi Aktobeda 8 o‘zbekistonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan YTH yuzasidan munosabat bildirdi
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi Aktobe viloyatida yuz berib, O’zbekiston fuqarolarining halokatiga sabab bo‘lgan YTH yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
“2024-yilning 3-aprelida Aktobe viloyati, Alg‘a tumani hududidan o‘tuvchi “Samara-Shimkent” respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan 8 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi Qozog‘iston Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlikda ishlamoqda. Holat alohida nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 3-aprel kuni soat tahminan 17:00 larda Qozog‘iston Respublikasi, Aqto‘be viloyati, Algin tumanidan o‘tgan Respublika ahamiyatiga ega “Samara-Chimkent” avtomobil yo‘lining 678 km.da “Toyota-Alphard” rusumli hamda “Volvo” rusumli yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Natijada, “Toyota-Alphard” rusumli avtomobilida bo‘lgan jami 8 nafar O’zbekiston Respublikasi fuqarolari olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan YTH oqibatida halok bo‘lganlarni O’zbekistonga olib kelish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida maxsus bort bugun, 4-aprel kuni soat 10:25 da Qozog‘iston Respublikasiga uchib ketdi.
Sharhlar