O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yiliga barqaror 7,5 foizga o‘sib borishi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 2030-yilgacha elektr energiyasiga bo‘lgan talab barqaror ravishda yiliga 7,5 foizga oshadi. Bu haqda 26-sentabr kuni Rossiya energetika haftaligida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
«Biz 2030-yilgacha talab yiliga taxminan 7,5 foizga o‘sishini prognoz qilmoqdamiz. Hozir bizda bu har yili 7−8 foiz», — dedi u.
Uning fikricha, bunday sharoitda yangi avlod manbalarini joriy etish talab etiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda 2030 yilgacha 20 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish nazarda tutuvchi dastur qabul qilingan.
«Biz qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy ulushidagi [energetika balansidagi] ulushini 40 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Hozirda qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi allaqachon 10 foizga yetmoqda, yil oxiriga qadar esa biz uni 15 foizga yetkazamiz. Shu tariqa har yili taxminan 2,5−3,5 GVt qayta tiklanadigan energiya manbalari joriy etiladi», — dedi u.
Vazir ushbu dasturni amalga oshirish boshqa energiya manbalari: GESlar, issiqlik elektr stansiyalarini modernizatsiya va qurish bilan bir qatorda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
«Agar hozir, bu yil oxirigacha, bizda issiqlik elektr stansiyalari quvvati 14 GVt dan ortiq bo‘lsa, 2030 yil oxirigacha bu quvvatni 18,5 GVt ga yetkazamiz. Biz barcha energiya manbalarining rivojlanishini hisobga olgan holda muvozanatlashganmiz. 300 kundan ortiq quyoshli kunlar va yaxshi shamol oqimi bor, bulardan foydalanmaslik gunoh bo‘ladi», — dedi Mirzamaxmudov.
Bundan tashqari, O’zbekistonda litiy-ionli akkumulyatorlar negizida elektr energiyasini saqlash tizimlari ishlab chiqilmoqda.
«Bu yil biz birinchi 300 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini ishga tushiramiz. 2030 yilgacha energiya saqlash tizimlari quvvatini 4,2 GVt ga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, gidroakkumulyator elektr stansiyalari qurish loyihasi ham ko‘zda tutilgan, ya’ni gidropotensialdan foydalaniladi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi 100 foiz loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hisobiga amalga oshirilmoqda», — dedi energetika vaziri.
Sharhlar