Namanganda uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi
25 mart kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.
Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generatsiya quvvati mavjud. So‘nggi uch yilda elektr iste’moli 24 foizga o‘sganligi bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo‘lgan uchta majmua loyihalashtirilgan. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasi sanaladi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi”ni barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi. Bu stansiyalarda 133 kishi, qurilish davrida esa 4 ming odam ishlashi rejalashtirilgan.
Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan quyosh elektr stansiyasi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda quyosh elektr stansiyasi quriladi. Mazkur loyihalarning qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko‘zda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Sharhlar